Sotsiofobiya (ochiq va yashirin yuzlari)

Yildiz Burkovikning shu nomli kitobidan

Aziza Pulatova
6 min readFeb 24, 2024

Sotsiofobiya – ko’plab insonlarni hayotdan qochib yashashga majburlaydigan, haqiqatdan ham bor bo’lgan potensialini namoyish etishdan cheklab qo’yuvchi ruhiy buzulishdir. Son-sanoqsiz insonlar ushbu darddan aziyat chekishadi. Yoshligi sotsiofobiya bilan bog’liq muammolar ichida kechgan psixolog Yildiz Burkovik ushbu kitobda o’z boshidan kechirganlarini ham bir bemor, hamda bir olim nigohidan xotirlab yozgan ekan. 
Sotsiofobiya tushunchasini psixik buzilishlar qatoriga ilk bor 1966-yılda Isak Marks kiritgan. Boshqalar oldida xijolat tortishdan, omma oldida uyatga qolishdan nihoyatda qo’rqishga sotsiofobiya deb ataladi.

Sotsiofobiyaga chalingan odam o’zini salbiy tushunchalar ixtiyoriga tashlaydi. Bunday odam o’zini ulkan bir zanjirga bog’lab qo’yadi va bu zanjir yetadigan manzilgacha boradi. Ichkarida o’zini to’xtovsiz kemiradi, qimirlay olmaydi, faqatgina xavotirni his qiladi. Tabiiyki, bu hissiyot ichida yashaydigan inson o’z potensialini ko’rsatishi zarur bo’lgan vaqtda xavotir yanada ortadi va bunga javoban organizmda turli reaksiyalar paydo bo’la boshlaydi. Bunday holda kechadigan eng birlamchi kechinmalar “qochish, uzoqlashish” hissi, yurak urishining tezlashishi, ko’krakda og’irlik hissi natijasida qaltiroq tutish, yutunishga qiynalish, sovuq qotish yoki qizib ketish kabi simptomlarda namoyon bo’ladi.

O’rganilgan chorasizlik

Sotsiofobiyaga chalingan odam boshqa odamlar davrasidan to’xtovsiz qochishi natijasida o’zi bilmagan holda “o’rganilgan chorasizlik” ni orttirib olishadi. Bu atamaga doir bir tadqiqot o’tkazilgan.

Yirtqich akula va yana bir baliqni bir akvaryumga solishibdi, biroq akvaryumni ikkiga ajratgan shisha to’siq akulani baliqqa hamla qilishidan saqlar ekan. Akula ochlikni his qilishi bilan, o’ljasiga bor kuchi bilan qancha tashlanmasin, qarshisidagi to’siqqa urilar ekan. Baliqni yeyish uchun shu tarzda 28 soat uringan akula nihoyat qismatga tan beribdi va qayta sinab ko’rishdan voz kechibdi. Bir ozdan so’ng, akvaryumdagi shisha to’siq olib tashlanibdi. Bu gal baliq akulaning yoniga o'zi suzib borsa ham, akula uni yeyish istagidan voz kechibdi va oxir-oqibat ochlikdan o’libdi.

To'siq yo'qligiga qaramay, akulaning qayta sinab ko’rishga bo’lgan ishtiyoqsizligi va mag’lubiyatni qabul qilishi, ya’ni muvaffaqiyatsizlklarga ko’nikishini “o’rganilgan chorasizlik” deb atash mumkin.

Har birimiz vaqti kelganda qarshimizga chiqqan to’siqlarni olib tashlash o’rniga, ortga chekinamiz. Ortga chekinish odamni ba’zida yanada hushyorroq harakat qilishga undasa, ba’zan esa harakat qilishdan butunlay to’xtatib qo’yadi. Qochish emas, aksincha kurashish kerak.

Sotsiofobiyada ijobiy va mantiqiy fikrlashning muhimligi

Inson miyasi xuddi kompyuterga o’xshab ishlaydi. Kompyuter ishlashi uchun unga maxsus buyruqlar va dasturlar yuklanadi. Miyangizga “natija yaxshi bo’lmaydi” degan dasturni yuklasangiz, u ham boshqachasiga ishlay olmaydi. Aksincha, “Hammasi hayrli bo’ladi” degan buyruqni bersangiz, u ham siz bilan birga ter to’kadi. Neyrofiziologlarning fikricha, inson miyasi har bir qadamni yarim soniya oldin qarorlashtiradi. Biroq, shuni ham unutmaslik lozimki, inson o’z ongini o’zi boshqaradi. Qarorlarni ongimizga o’zimiz beramiz. Ya’ni, miyamizni o’zimiz istagancha ishlatishimiz, fikrlarimizni tartibga solishimiz va ba’zi ishlarga yo’naltira olishmiz mumkin.
Bosh miya ustida ko’plab tadqiqotlar o’tkazilgan. Dr. Martin Seligman tomonidan olib borilgan tadqiqotlarda, pozitivlik va ijobiy fikrlashning; maktabda, sportda, ish hayotida va o’zaro munosabatlarda muhim o’ringa egaligi aniqlangan. Juda ko’p narsalarning siri “ijobiy fikrlash” dadir.
Dr. Syuzan Jeffersning aytishicha, jamiki qo’rquvlarning ildizida hayot sinovlariga dosh bera olmaslik qo’rquvi yotadi. Bu qo’rquv va unga qo’shimcha, xavotir hissi hayot sifatini yomonlashtiradi. Sog’lom inson o’z fikrlarini boshqarishi kerak. Aks holda, fikrlari uni boshqarishni boshlaydi. Oqibatda, nazoratni qo’ldan boy beradi. Bu qo’rquvlarni boshdan kechirishdan qo’rqqan odam odamlar orasiga kirishdan xavfsiraydi. Boshqalarning tanqidiga uchrash hissi insonni xavotirga soladi. Shu tariqa, ijtimoiy yolg’izlik paydo bo’ladi.
Sotsiofoblar uchun odamlarga aralashishdan haddan tashqari qo’rqishadi. Wendy Grant o’zining “Boshqaruv sizning ixtiyoringizdami?” nomli kitobida “Eng katta qo’rquvlarimizdan biri, muvaffaqiyatsizlik va tanqidga uchrash. Odamlar orasidan aqalli bir kishi bizni qo’llab-quvvatlashi va qabul qilishini his qilishni xohlaymiz, bu bizga ishonch bag’ishlaydi. Shuning uchun, boshqalar tomonidan tanqid qilinishimizga, boshqalarga o’xshamasligimizni his qildirishlariga toqat qila olmaymiz, chunki biz buni hayotimizga tahdid sifatida qabul qilamiz.” degan edi.
Sotsiofobiyaga yoʻliqqan odamlar qanday vaziyatda yoqimsiz qoʻrquv va noqulaylikni his qilsalar, odamlar bilan tanishishdan, ish yig’ilishlaridan, omma oldida nutq soʻzlashdan yoki notanish odamlar bilan suhbatlashishdan bor kuchi bilan qochishga urinishadi. Ko’plab insonlar bu fobiya tufayli garchi buni istamasa-da, o’z potensialidan to’laqonli foydalana olmaydi. Shu bois, ishdan bo’shaydiganlarning soni ortmoqda, maktablar bilim darajasi borasida ortda qolmoqda. Insonlar o’zi bilmagan holda, o’ziga to’siq qo’yish bilan bir talay imkoniyatlardan quruq qolishyapti.

Ijtimoiy fobiyaning yashirin yuzi

Perfektsionizm haqida qiziq bir hikoya bor. O’tmishda mashxur bir haykaltarosh bo’lgan ekan. U shunday nodir haykallar yasar ekanki, ko’rganlar ularni tirik odamdan ajrata olmas ekan.

Kunlardan birida bir kohin unga o’limi yaqinlashganini aytibdi. Haykaltarosh juda qo’rqib ketibdi, yashashni xohlagani uchun o’limdan qochmoqchi bo’libdi va chorasini topibdi. Haykallar bilan Azroilni chalg’itmoqchi bo’libdi. O’ziga o’xshagan 10 ta haykal yasabdi.
Azroil kelishi bilan o’sha haykallar orasiga kirib olibdi va nafasini ichiga yutibdi. Azroil biroz tik turgach, shunday debdi.

“Janob, bir nuqsonni hisobga olmasak, hammasi mukammal. Ta’rifga til ojiz, lekin bir nuqtani ko’zdan qochiribsiz, kichik bir xatosi bor ekan.” Buni eshitgan haykaltarosh shu zahoti, “Qanaqa xato? Bo’lishi mumkin emas!” deya qarshilik bildirishga tushgan ekan, Azroil “Mana shu sening xatoying” debdi-yu, haykaltaroshni o’zi bilan olib ketibdi.

Bu hikoya perfektsionizm va kibr orasida ba’zan o’ta kichik farq bo’lishini ko’rsatib bergan. Hamma ham sevilishni, qo’llab-quvvatlanishni va qadrlanishni xohlashi tabiiy. Ammo, sotsiofobiya bilan og’rigan insonlar bunga suv va havodek ehtiyoj sezishadi.

Ijtimoiy fobiya bilan birga kechadigan ruhiy hastaliklar

Sotsial fobiya tufayli paydo bo’lgan xavotir buzilishi boshqa bir qancha ruhiy kasalliklarga yo’l ochadi.
Ijtimoiy fobiyaga yo’liqqan insonlarda, ko’pincha, depressiya, vahima buzulishi, obsessiv-kompulsiv buzilish, spiritli ichimlik va giyohvand moddalarga berilish, somotoform buzilishi kabi psixik kasalliklar paydo bo’ladi.

Depressiv buzulish

Miyamiz atrofimizda ko’rgan har qanday jonli yoki jonsiz predmetlarni ko’zimizdan uzatilayotgan turli yorug’lik signallari orqali aniqlaydi. Yorug’lik – yorqin energiya manbalaridan biridir. Inson ko’zlari ko’ra oladigan Quyosh yoki yorugʻlikning oddiy nuri barcha ranglar birikmasidir. Yomg’irdan so’ng osmonda paydo bo’ladigan kamalak ham barcha ranglar jamlanmasi hisoblanadi.
Inson hayotida ham ranglar qorishib ketgan, saranjom-sarishtasiz, mutlaqo rangsiz onlar, kunlar yoki oylar bo’lishi mumkin. Tovush taralmaydigan joyda yolg’izlik bo’lgani kabi, ranglar ko’zga ko’rinmaydigan joyda zulmat va baxtsizlik hukm suradi. Baxtsizlik hayotdan zavq ololmaslikdan boshlanadi, insonlar o’rtasidagi muloqot sukunutga o’ta boshlaydi. Xafagarchiliklar, umidlarning chil-parchin bo’lishi, chorasizlik, siqilish va stress bilan birga depressiya hayotning bir bo’lagiga aylana boshlaydi.
Odam depressiyadan shunchaki chiqib keta olmaydi. Chunki, depressiyaning eng kuchli xususiyatlaridan biri – pessimistlikdir. Hayotga, atrofdagi voqelarga gʻamginlik, umidsizlik bilan qarashga, kelajak yaxshi boʻlishiga ishonmaslikka o’rganadi. Ruhiy tushkunlikdagi odam faqat salbiy voqealarga e’tibor qaratib, ijobiy narsalarni esa bee’tibor qoldiradi. Depressiyani boshdan o’tkizayotgan inson o’zini ko’pincha uyqu bilan atrofdagilardan uzoqlashtirishga harakat qiladi. Qisqa qilib aytganda, depressiya – hayotga dard-alam, pessimistlik, g’amginlik nigohi bilan qarash bilan kechadigan hissiy holat buzilishidir.
Depressiyadagi kishi doim kayfiyatsiz, hayotdan norozi yuradi, kundalik qiziqishlar yo’qoladi. Yig’lash istagi va ko’z yoshlarini to’xtata olmaslikdan kelib chiqadigan aybdorlik hissi sababli o’zini past baholaydi, o’ziga bo’lgan ishonchi yo’qoladi. Qilishi kerak bo’lgan ishlarga o’zida kuch topa olmaydi. O’zini hatto bir qog’oz parchasini qo’lida tuta olmaydigan darajada quvvatsiz his qiladi va chindan ham kuchsizligini, qo’lidan hech bir ish kelmasligini tan oladi. Diqqatni jamlay olmaslik, bezovtalik, xotira pasayishi belgilari yuzaga chiqa boshlaydi. Depressiyadagi inson uchun hamma narsa imkonsizdir.
Erkaklarga qaraganda, ko’proq ayollar, depressiyaga berilishadi. Depressiyani tanib olish qiyin. Odamlar orasidan qochish depressiyadan darak beruvchi simptomlardan biri hisoblanadi. Ko’proq yolg’iz qolishni istaydi va jamoadan uzoqlashadi, odamlardan qochadi. O’zini muloqotdan tortishni boshlaydi, shodon kunlarni unuta boshlaydi, nuqul g’amgin yuradi. Xuddi kecha boshqa odam edi-yu, bugun boshqa odamga aylangandek.

Panik buzilish

Panik buzilish to’satdan yuzaga keluvchi va bir zumda eng yuqori cho’qqiga yetuvchi qo’rquv va xavotir hissidir. Bunga javoban tanada turli reaksiyalar paydo bo’ladi. Ulardan ayrimlari sotsiofobiyada ham kuzatilgan terlash, tana haroratining pasayishi(sovuq qotish), qaltirash, ko’ngil aynishi kabi simptomlardir. Vahima xurujini boshdan kechirayotgan odam biror yomon hodisa sodir bo’lishi mumkinligidan qattiq xavotir, qo’rquv va daxshatga tushadi.
Panik buzilish to’satdan boshlanadi va uning qachon boshlanishini oldindan taxmin qilib bo’lmaydi. Bemorga panik buzilish tashxisini qo’yish uchun, unda eng kamida ikki marta kutilmagan “vahima xuruji” kuzatilgan bo’lishi kerak. Panik buzilish xurujlari miyadagi kimyoviy o’zgarishlar hisobiga yuzaga keladi.
Bemor bunday tahlikani qayta boshdan o’tkazmaslik uchun o’zini haddan ziyod qo’rishni boshlaydi. Bu qo’rquv uning xayolidan sira chiqmaydi. Vaziyatni nazorat qila olmaslik qo’rquvi, uni begona odamlar davrasiga kirishdan to’xtatadi. Natijada gavjum joylardan va ish yig’ilishlaridan qocha boshlaydi. Vahima xuruji yoki xurujlari oqibatida yuzaga kelgan bunday hastalikka fanda “agorafobiya” deyiladi.

Agorafobiya atamasiga avvalari gavjum yerlar va ochiq maydonlardan qo’rqish degan ta’rif berilar edi. Zamonaviy ta’rifga ko’ra esa, odamlar orasida yolg’iz qolishdan, yolg’iz ko’chaga chiqishdan, olomon orasiga kirishdan his qilinadigan qo’rquvga agorafobiya deb aytiladi.

Agrofobiklar sotsiofobiklardan farqli o’laroq, ko’pchilik insonlar orasida noqulay vaziyatga tushishdan emas, xaloyiq ichida sevinishdan, nazoratsiz qolishdan, olomon ichida qolib ketishdan qo’rqishadi. Yoshi katta insonlarda kamdan-kam uchraydi, 65 yoshdan oshgan insonlarda deyarli bo’lmaydi.

Somotoform buzilish

Ayrim insonlar stressni somatik kurash ko’rinishida yengishadi, ya’ni organizmdagi horg’inliklarga javoban tanada turli reaksiyalar vujudga keladi. Somotoform buzilishida tanada qayta-qayta takrorlanadigan, o’rgaruvchan va og’riq bilan birga kechadigan simptomlar kuzatiladi. Tanadagi turli shikoyatlardan tashqari, ko’ngil aynishi, qusish, qaltirash, ter bosish, sovuq qotish holatlari ham kuzatiladi. Kishi ko’chaga chiqishi bilan ahvoli yanada yomonlashishiga ko’zi yetgani uchun o’zini ko’chaga chiqishdan ta’qiqlab qo’yadi. Hatto shu sababli boshqalar bilan ko’rishishdan ham qochib yuradi.
Umuman olganda, kishidagi bunday rohatsizlikning sababini ochib beradigan fiziologik jarayonni aniqlab bo’lmaydi. Bemor o’zining fiziologik holatiga o’rganib qoladi va o’zida jiddiy bir kasallik kuchayib borayotganiga ishonadi.
Bu holatning jiddiylashuvi “oʻzida yoʻq kasallikni bor deb bilish” ya’ni ipoxondriyaga olib keladi. Kishi oʻta bezovta boʻlib, turli soha vrachlariga, tabiblarga murojaat qiladi, tekshiruvlardan o’tadi. Natijalar bemorni qoniqtirmaydi. Hattoki, hozirgi zamon tibbiyoti o’zidagi hastalikka davo izlashga ojiz, degan xulosaga keladi.

Sotsiofobiyani davolashda bugungi kunda psixoterapiya, psixodrama, neuro-biofeedback, yoga, meditatsiya va boshqa alternativ usullardan foydalanilmoqda.

--

--