Shisha shift sindromi

Aziza Pulatova
2 min readMay 19, 2024

Olimlar burgalarning turli yuksaklikka sakray olishini kuzatishgan. Ularning ba’zilarini ajratib 30 sm balandlikdagi shisha chiroqning ichiga solishadi. Chiroqning metal sathi qizitiladi. Issiq haroratdan bezovtalangan burgalar yuqoriga sakrab qochishga tirishadi, lekin boshlari shisha shiftga urilib, yerga qaytib tushishadi. Oyoqlarining osti ham issiq bo’lganidan, ular qayta sakrashadi va yana boshlarini shisha shiftga urishadi. Burgalar shisha nimaligini bilmaganliklari uchun, qarshisida aslida qanday to’siq turganini anglashga qiynalishadi.

Boshi qayta-qayta shishaga borib urilgan burgalar, oxir-oqibatda, 30 sm dan oshiq balandlikka sakramaslikka o’rganadi. Burgalarning bundan oshiq balandlikka sakray olmayotganiga guvoh bo’lgan tadqiqotchilar tadqiqotning keyingi bosqichiga o’tishadi: shiftdagi shishani olib tashlaydilar. Yer qaytadan qizitiladi. Shunga qaramasdan, burgalar 30 sm dan ortiq balandlikka sakray olmaydi.

Hayot darsi

Ustida shisha to’siq yo’q, bundan ham balandga sakrash imkoniyati esa bor, lekin ular bunga sira jur’at qila olmaydi. Boshlarini uraverib-uraverib o’rgangan shu hayot darsiga sodiq yashayverishadi. Burgalarning qochishga qulay imkoni mavjud bo’lsa-da, qocha olmaydi. Chunki, to’siq — endi ularning ongida. Ya’ni, to’siq tashqarida emas, aksincha ichkarida. Buni boshqacha qilib, “O’rganilgan chorasizlik” deb ham atashadi. Ana shu ko’rinmas devor shisha shift sindromi deb ataladi.

Biror kishining erisha olishiga ishonadigan eng yuqori marrasi, uning shisha shiftidir.

Biror narsaning imkonsizligiga ishonsangiz, ongingiz sizga uning nega imkonsizligini isbotlash ustida ishlay boshlaydi. Aksincha, biror ishni uddalashingizga ishonsangiz, chin dildan ishonsangiz, ongingiz ham bu ishni uddalashingiz uchun sizga yechimlar izlab yordam berishga kirishadi.

Shisha shift metaforasini ilk bor Merilin Loden 1978-yilda o’z nutqida ishlatgan. Hatto bugungi kunda ham, taʼlim darajasi bir xil boʻlgan erkaklar va ayollar oʻrtasidagi daromad farqlari sezilarli darajada. Ko’pchilik ayollarning yuqori marra va pozitsiyalarni egallashiga shisha shiftni yorib o’ta olmasliklari sabab bo’ladi.

--

--