Sevgi Bombardimoni (Love Bombing) o’zi nima?

Aziza Pulatova
3 min readOct 31, 2023

--

backtolovedoc

Love Bombing iborasining o’zbek tilidagi ekvivalenti “Ishq yoki Sevgi Bombardimoni” ga to’g’ri keladi. Ishqiy munosabatlarda o’z sherigining ustidan kuch o’tkazish va nazorat o’rnatish uchun qurilgan har qanday aloqa, munosabat va manipulyatsiya shaklidir. Manipulyatsiya — bu, oʻz manfaati yoʻlida boshqalardan foydalanish, ularni boshqarish orqali ularga taʼsir koʻrsatishdir. Love Bombingni faqatgina ishqiy munosabatlarda emas, balki ikki kishilik boshqa munosabatlarda ham uchratish mumkin. Sherigidan o’z istaklariga erishish yo’lida foydalanish, o’z-o’zidan muammolar yaratish, sherigining his-tuyg’ularidan o’z manfaatlari yo’lida foydalanish bunday manipulyatsiyaga bir necha misol bo’la oladi. Ko’p hollarda, manipulyatsiya ta’siridagi inson buni o’zi sezmaydi. Manipulyatsiya qilayotgan odam(manipulyator) esa bu jarayonni birma-bir, hech kimga bildirmasdan o’z qo’liga oladi. Manipulyatsiya qurboniga aylangan inson asta-sekin o’zini nochor, hech narsaga noloyiq deb his qilishni va o’ziga past baho berishni boshlaydi. Love Bombing so’ziga kelsak, bu – endi bir-birini taniyotgan paytida, sheriklardan birining ikkinchisini “sevgi va mehrga ko’mib tashlashi” dir. Ishonarli bo’lishi uchun, bunday insonlar nafaqat o’z sherigiga, balki uning atrofidagi insonlarga ham suqila boshlaydi va shu yo’l orqali uning ishonchiga kirib oladi. Munosabatlar yangi pallaga ko’tarilganda esa, oldingi hurmat va muhabbat ozaya boshlaydi yoki o’z-o’zidan undan nishon ham qolmaydi.

Sevgi Bombardimoni qurboniga aylangan inson uning ta’sirini munosabatlar tugaganidan so’nggina anglay boshlaydi. O’ziga va o’zgalarga ishonishda gumonsiraydi, hattoki o’zidan ham shubhalana boshlaydi. Agar kishi bu holatdan bir o’zi chiqib ketishiga ko’zi yetmasa, mutaxassisdan yordam so’rashi kerak.

Love Bombingni qanday farqlasa bo’ladi?

Ko’pincha Sevgi Bombardimonini munosabatlar nihoyasiga yetmaguncha bilib bo’lmaydi. Tanishuv boshida ko’rsatilgan haddan ziyod hurmat, sevgi va iltifotlar birdan nihoyasiga yetadi yoki kamayib qoladi. Odam o’z qadr-qimmatini so’roqlashni, o’zini yaroqsiz va keraksiz his qilishni boshlaydi.

Yspot

Munosabatlar boshida hurmat va sevgiga ko’milishga ko’nikkan odam sherigiga bog’lanib qoladi. Aynan shu sababdan, o’zi istasa-istamasa bu munosabatlarga osongina nuqta qo’ya olmaydi. O’zidan kamchilik yoki xato o’tgan degan fikrda o’zini yetarsiz, boshqa bir insonga bog’lanib qolgan, unga muhtoj va nochor his qiladi. Kishi bunday holatdan chiqib ketmasa, o’z ruhiyatiga o’ta jiddiy ziyon yetkazishi mumkin: o’z-o’zidan gumonsirash, xavotir buzilishi, vahima xuruji kabi psixologik xastaliklar kelib chiqishi mumkin.

Love Bombing ( Sevgi Bombardimoni ) ni qanday aniqlasa bo’ladi?

Munosabatlar chuqurlashmay turib yoki endi bir-birini taniy boshlagan paytlarda chegaradan o’tayotgan hurmat va mehrdan uzoqroq turgan ma’qul.

Sevgi Bombardimonini samimiy mehr-muhabbatdan ajratish aslida unchalik qiyin ish emas. Agar sherigingiz siz bilan ko’proq muloqot qilishga shoshilayotgan, kecha-yu kunduz xabar yozib, qo’ng’iroq qilayotgan, ilk tanishuvlardanoq qimmatbaho hadyalarga ko’mayotgan, sizni yaxshi tanib-tanimasdan va munosabatlar chuqurlashmasdan turib kelajak haqida rejalar tuzayotgan va atrofingizdagi insonlar orasiga kirishga astoydil tirishayotgan bo’lsa, buni, hech shubhasiz, sevgi bombardimoni deb atash mumkin.

Uning ta’siridan qanday qutulish mumkin?

Munosabatlar qurayotganda o’zaro chegaralarni belgilab olish va bularni ikkinchi tomonga ham bildirish o’ta muhimdir. Munosabatlar tezda chuqurlashib borayotganini sezsangiz va bundan o’zingizni noqulay his qilayotgan bo’lsangiz, bu haqida sherigingiz bilan ochiqroq gaplashib oling. Uning ko’nglingizga xush kelmayotgan harakatlarini o’ziga ayting. Haqiqiy muhabbat va sevgi bombardimoni bir-biridan tubdan farq qiladi. Ularni adashtirib yubormaslik kerak. Chegaradan oshayotgan har bir iltifot va mehr-muruvvatni Sevgi Bombardimoni deb nomlab bo’lmaydi. Ularni bir-biridan ajratish uchun o’rtadagi munosabatlarni elakdan o’tkazish kerak.

--

--