Robin Goldsteynning The Parenting Bible(ota-onalar tomonidan eng ko’p so’raladigan savollarga javoblar) kitobiga taqriz

Aziza Pulatova
3 min readOct 11, 2023

--

“Farzandim yig’laganda, uni bag’rimga olishim kerakmi?”

“Men o’zimni har doim bir xil tutishim kerakmi?”

“Nega ertalablari farzandim bilan kelisha olmaymiz?”

“Hamma 13 yoshlilar ham ota-onasidan uyalisharmikan?”

Mazkur kitob bola rivojlanishi bo’yicha mashxur tadqiqotchi olim Jian Pyajet va psixosotsiologiya bo’yicha nazariyotchi olim Erik Eriksonlarning amaliy ishlari va nazariyalariga asoslangan holda yozilgan. Kitobdan ko’pchilik ota-onalarni o’ylantiradigan savol hamda muammolarga oddiy javob va yechimlarni topishingiz mumkin.

Quyida yosh ota-onalarga juda yaxshi tanish bo’lgan ikki savolga berilgan javoblarni qisqacha tarjima qilishga harakat qildim.

Ilk besh yoshlik

Nega farzandim mendan umuman ajralgisi kelmaydi? Nega bolam bunchalar injiq? Farzandim magazinda yig’lab qolsa, nima qilasam bo’ladi? Nega qoidalarni unga qayta-qayta takrorlayverishim kerak? Farzandim bog’chaga tayyormi?

Yosh ota-ona bo’lish yoqimli va shu bilan birga ham jismoniy, ham hissiy taraflama og’ir bo’lishi tabiiy. Yangi tug’ilgan go’dakning atrofdagi olamga ishonch hissi ortishi uchun, uning ehtiyojlarini tinimsiz qarshilash katta kuch va sabr talab qiladi.

Nega farzandim mendan umuman ajralgisi kelmaydi?

Jamiyatimizda mustaqil inson bo’lish juda qadrlanadi va ayrim ota-onalar bolalarining insonlarga yoki buyumlarga juda qattiq bog’lanib qolishidan xavotirga tushishadi. Ammo, ota-ona bolaning yaqinlikka bo’lgan ehtiyojini to’g’ri anglasa, bolaning bunday xulq-atvoridan xavotirlanishga o’rin qolmaydi. Go’dak va yosh bolalar tamoman ota-onanining qaramog’ida bo’lishga muhtojlar. Bu — dunyoga yangi kelgan chaqaloq uchun tabiiy zaruriyatdir. Har bir bola issiq bag’irga, taomga, quruq taglik va mehrga muhtoj. Bolaning ehtiyojlariga bo’yin egishning hech qanday yomon tomoni yo’q. Ehtiyojlari qarshilangan va ota-onasiga qattiq bog’langan bolada atrofdagilarga ishonch hissi paydo bo’ladi va shu tariqa asta-sekin insonlardan mustaqil bo’lishni o’rgana boshlaydi.

Farzandim yig’laganda uni bag’rimga olishim kerakmi?

Yigʻlash chaqaloqning siz bilan aloqa oʻrnatish usuli hisoblanadi. Odatda, chaqaloq noqulaylik, ochlik hamda og’riq his qilganda, zerikkanda yoki charchab uyquga tayyorligini bildirish uchun yigʻlaydi. Olti va to’qqiz oylik chaqaloqlar kechga yaqin vaqt oraligʻida yigʻlashga ko’proq moyilligi boʻladi — chunki, bu vaqtda ular ota-onasini to o’z ko’zi bilan ko’rmagunicha, ularning borligini anglay olishmaydi. Dunyoni yo yoqimli yoki behuzur joy deb biladi. Agar uning ehtiyojlari ijobiy qarshilansa, o’zini yaxshi his qiladi va aksincha, javobsiz qolsa, o’zini yomon his qila boshlaydi va yig’laydi. Ko’pchilik ota-onalar farzandidagi yig’iga qanday reaksiya bildirishga ikkilanib qolishadi. Ba’zi ota-onalar ovutish uchun bag’rimga olsam, u shunga o’rganib qoladi degan notog’ri xayolga borishadi.

Haqiqatda esa, yig’layotgan bolani yupatish uni aslo erkatoy qilib qo’ymaydi. Aksincha, bu bolada yupanch hissini uyg’otadi va yig’ini kamaytirishiga olib keladi. Yig’isi “ishga yaragan” bola yig’laganimda albatta kimdandir yordam olaman deb umid qila boshlaydi. Va shu orqali, u ota-onasiga ishonishni o’rganadi. Boshqalarga ishonishni o’rganish bola rivojlanish davrining eng muhim bo’lagidir. Agar ota-ona farzandining yig’isiga e’tibosiz yoki jig’ibiyron bo’lsa, bola ham atrofdagilarga hech qanday ta’sir ko’rsata olmayman degan xulosaga keladi. Oqibatda, uning atrofidagi insonlarga bo’lgan ishonchi asta-sekin so’na boshlaydi.

--

--