“Oq ayiq” fikrlash tarzidan qutulish

Aziza Pulatova
3 min readJun 7, 2020

O’zingizga qutb ayig’i haqida o’ylamaslik vazifasini berib ko’ring va u sizning fikrlaringizni har daqiqa ta’qib etishiga guvoh bo’lasiz”

Fyodor Mixaylovich Dostoevskiy

Ushbu kuzatuv Fyodor Dostoevskiyning 1863-yilda G’arbiy Yevropaga qilgan sayohatlari haqida ma’lumot beruvchi “Yoz taassurotlari to’g’risida qishki eslatmalar” nomli hikoyasidan olingan. Ammo, buning rost ekanligini bir asrdan ko’proq vaqt o’tgach fan doktori, ijtimoiy psixolog Daniel Uegner laboratoriyasida o’tkazilgan tadqiqot isbotladi.

Garvard universitetining psixologiya professori va fikrlarni boshqarish bo’yicha tadqiqotlarning asoschisi bo’lgan Uegner bu iqtibosga ilk bor 25 yil oldin duch kelgan.

“Men chindan ham lol qoldim,”- 2011 yilda o’tkazilgan Amerika Psixologlari Jamiyati (APA)ning yillik anjumanidagi nutqida u shunday deydi. “Bu ro’y-rostdek tuyuldi.”

Uegner ushbu iqtibosdan kelib chiqqan farazni soda eksperiment o’tkazish orqali sinab ko’rishga qaror qildi: U sinaluvchilardan oq ayiq haqida o’ylamaslikka harakat qilgan holda besh daqiqa davomida o’z ong oqimini og’zaki tasvirlab berishlarini so’radi. Uegner ularga, agar oq ayiq ularning xayolidan o’tsa, qo’ng’iroqni chalish lozimligini aytdi. Bundan o’zini tiyish to’g’risida berilgan aniq ko’rsatmalarga qaramay, ishtirokchilar o’rtacha hisobda, har daqiqada bir martadan ko’proq oq ayiq haqida o’ylashdi.

So’ng Uegner sinaluvchilardan ayni jarayonni takrorlashni, biroq bu safar oq ayiq haqida o’ylashni so’radi. Ayni shu chog’da, ushbu sinaluvchilar boshidanoq oq ayiqlar to’g’risida o’ylash so’ralgan boshqa bir guruh sinaluvchilarga qaraganda odatdagidan ko’ra ancha ko’proq oq ayiq haqida o’yladilar. Natijalar dastlabki besh daqiqa davomida fikrlarni majburan o’ylamaslikka harakat qilish keyinchalik sinaluvchilar ongida bu fikrlarning yanada ko’proq “qaytalanish”iga sabab bo’lishini ko’rsatdi.

1987-yilda “Shaxsiyat va ijtimoiy psixologiya” jurnalida chop etilgan tadqiqot (53-jild, №1) bunday fikrlash tarzi bo’yicha mutlaqo yangi tadqiqot sohasini boshlab berdi. Keyingi o’n yil ichida, Uegner nima uchun noxush xayollardan qutulish o’ta qiyin ekanligini tushuntirish uchun “Ironik jarayonlar” nazariyasini takomillashtirdi. Uegner biz biron-bir narsa haqida o’ylamaslikka harakat qilganimizda, ongimizning bir qismi ta’qiqlangan fikrdan o’zini olib qochadi, ammo, boshqa qismi har safar bu fikrni inobatga olinmasligiga ishonch hosil qilish uchun buni tez-tez “tekshiradi” va shu sababli ironik jihatdan, fikrning qaytalanishiga sabab bo’lishini tasdiqlovchi dalillarni topdi.

Uegner o’z mehnatlarini boshqalarga tushuntirib berayotganda, unga tinglovchilar, odatda, bitta savol bilan murojaat qilishlarini angladi: “Yaxshi, biroq, nima qilish mumkin? Noxush o’y va xayollardan qutulishning biron-bir yo’li mavjudmi?”

Bu holat ko’pchiligimizga tanish va ko’pincha qochib qutulmoqchi bo’lgan fikrlarimiz oq ayiqlar kabi beozor va sodda emas, ular og’riqli xotiralar yoki boshqa chalg’ituvchi o’y-hayollardan iborat bo’lishi mumkin.

O’zining Amerika Psixologlari Jamiyati (APA)dagi taqdimotida, Uegner o’zi va boshqalar duch kelgan “oq ayiqlar xayolidan qutulish”ga yordam beruvchi bir nechta strategiyalarni tasvirlab berdi. Ularga quyidagilar kiradi:

🟥 Chalg’ituvchi, boshqa bir e’tiborni jal etuvchi obyektni tanlang: Uegner tomonidan o’tkazilgan bir tadqiqotda sinaluvchilardan oq ayiq o’rniga qizil rangli Wolkswagen mashinasini o’ylash so’ralgan. Ular sinaluvchilar diqqatini boshqa biror narsaga yo’naltirish noxush “oq ayiq” fikrlaridan qutulishida ko’maklashganini aniqlashgan.

🟥 Sizni qiynayotgan fikrlarni ortga surishga harakat qiling: Ba’zi tadqiqotlar shuni aniqladiki, odamlardan kuniga yarim soat tashvishlanish uchun shunchaki vaqt ajratishni so’rash kun davomida ularning dam olish paytida tashvishlanmasliklariga imkon beradi,” deydi Uegner. Shunday qilib, keyingi safar noxush xayollar paydo bo’lganida, o’zingizga: “Men kelasi chorshanba kuniga qadar bu haqda o’ylamayman” deb aytishga urinib ko’rishni taklif etadi.

🟥 Bu paytda bir vaqtning o’zida bir necha vazifalarni bajarishdan cheklaning: Bir tadqiqot yuqori darajadagi aqliy yuk ostida bo’lgan insonlarning o’lim to’g’risidagi-ko’pchilik insonlar uchun o’ta noxush tuyuladigan xayollardan biri- fikrlarning mavjudlilik darajasidagi o’sishni ko’rsatdi.

🟥 Bevosita sizni qiynayotgan fikrlarni o’ylashingizga o’zingizga qo’yib bering: “Bu og’riqli,”- Uegner shunday deydi,-“ammo, samara keltirishi mumkin.” Agar siz o’zingiz chetlab o’tmoqchi bo’lgan narsangizni boshqariladigan uslubda o’ylashingizga imkon bersangiz, keyinroq bu fikrlarning qaytib kelish ehtimolligi kamayadi.

🟥 Meditatsiya va onglilik: “Aqliy nazoratni kuchaytirishga ko’maklashuvchi bu kabi mashg’ulotlar odamlarning noxush o’y-xayollardan qutulishlariga yordam berishi mumkinligi haqida dalillar bor.”- deydi Uegner.

--

--

Aziza Pulatova
Aziza Pulatova

Written by Aziza Pulatova

Translation is an art, it can differ in quality.

No responses yet