Nega yoshligimizni eslay olmaymiz?

Aziza Pulatova
4 min readDec 13, 2023

--

Nima uchun tug’ilgan vaqtimizni, ilk bor qadam tashlaganimizni yoki birinchi aytgan so’zimizni o’zimiz eslay olmaymiz? Ilm-fanda bu holat “Bolalar amneziyasi” deb nomlanadi.

Tadqiqotchilarning bolalar va xotira haqida shu vaqtgacha o’rganganlari:

Chaqaloqlarning ham eslash qobiliyati bor

Odamlar 2–3 yoshligidagi voqealarning ko’pchiligini yaxshi eslay olmasligi kunday haqiqat bo’lsa-da, tadqiqotlarlardan aniqlanishicha, chaqaloqlar eslash qobiliyati bilan dunyoga kelishar ekan. Shunchaki, ularning xotirasi biz o’zimiz haqida bilgan xotiralarga o’xshamaydi. Endi tug’ilgan chaqaloqlar o’z onasini yaxshi taniydi va uni begona kishidan ajrata oladi. Uch yoki to’rt oydan so’ng, tanish chehralarni ko’rsa, jilmaya boshlaydi, ya’ni tanish-notanish kishilarni ajrata oladi. Avtobiografik xotiradan tashqari so’z-mantiq xotirasi, his-tuyg’u xotirasi, harakat xotirasi kabi xotiralar ham mavjud. So’z-mantiq xotirasi faktlarni, misol uchun, olmaning turli navlari yoki biror davlatning poytaxtini yodda saqlashimizga yordam beradi. Harakat yoki motor harakat xotirasi esa biror harakatni qanday bajarish, misol uchun, uy eshigini qanday qilib ochish yoki mashinani qanday haydash kerakligini esda saqlash vazifasini bajaradi.

Psixolog Kerolin Rovie-Kollier tomonidan 1980-1990 yillarda o’tkazilgan mashxur tadqiqotga ko’ra, chaqaloqlarda xotiraning boshqa turlari ham ilk davrlardanoq mavjud bo’ladi. Tabiiyki, chaqaloqlar nimalarni eslab qolganlarini aniq aytib bera olishmaydi. Rovie-Kollier tadqiqotda ishtirok etayotgan chaqaloqlarning xotirasini uzoq muddat davomida kuzatish uchun go’dakning to’xtovsiz o’sayotgan tanasi va qobiliyatlariga uyg’un topshiriqni o’ylab topishi kerak edi.

Tadqiqotchilar avvaliga 2 va 6 oylik oralig’idagi chaqaloqlarni bosh qismida o’yinchoqlar ilingan belanchakka solishadi. Tadqiqotchilar bolaning o’z oyoq harakatlarini anglashi uchun necha marta oyoq silkitishi mumkinligini hisoblab borishadi. Shundan so’ng, belanchakdagi chaqaloq har gal oyoq silkitganda o’yinchoq tebranishi uchun, ipning bir uchini chaqaloqning oyog’iga, ikkinchi uchini uning bosh qismiga ilingan o’yinchoqqa bog’lab qo’yishadi.

Bolalarning nima qila olishlari mumkinligi bir zumda faxmlashi juda hayratlanarli. Ular o’yinchoqning tebranishini ko’rish istagida, unga bog’langan arqonni oyog’i bilan oldingidan ham ko’proq silkita boshlaydi. Bundan ko’rinib turibdiki, chaqaloqlar oyoqlarni silkitish o’yinchoqni tebratishini o’rganib olishgan.

6 oydan 18 oylikkacha bo’lgan chaqaloqlarda ham shunga o’xshash tadqiqot o’tkazilgan. Bu yoshdagi bolalar belanchakda bu qadar uzoq yota olmasligini mo’ljallab, ularni o’yinchoq poyezdni boshqaradigan dastak bilan ota-onasining qo’yniga o’tirgizishadi. Avvaliga dastak ishlamaydi, bu vaqt oralig’ida esa, tadqiqotchi bolaning dastakni tabiiy ravishda necha marta bosishi mumkinligini hisoblaydi. So’ngra, dastakni ishga tushirishadi. Endi bolakay har safar dastakni bosganda, poyezd temiryo’l bo’ylab yurishni boshlaydi. Bolalar o’yinni bu safar ham tezda o’rganib olishadi: dastak poyezdni yurgizganda, uni yanada ko’proq bosishadi.

Bularning xotiraga nima aloqasi bor? Ushbu tadqiqotning eng mohirona jihati shundaki, Rovie-Kollier bolalarga bu topshiriqlarni bajartirish orqali, ularning eslash qobiliyatini sinovdan o’tkazgan. Bolalar labaratoriyaga kelishganda, ularga shunchaki tebranma o’yinchoq yoki o’yinchoq paravozni ko’rsatish orqali, ularning qayta oyoq silkitishi yoki dastakni bosishi mumkinligini sinovdan o’tkazishgan.

Rovie-Kollier va uning hamkasblari ushbu metod yordamida shuni aniqlashdiki, agar 6 oylik bola ushbu mashg’ulot bilan 1 daqiqa shug’ullansa, u bu voqeani ertasi kuni ham eslay oladi. Bolaning yoshi qanchalik katta bo’lsa, shunchalik ko’p narsani xotirlay oladi. Olim yana shunga guvoh bo’ldiki, bolalar biror mashg’ulot bilan qanchalik ko’p shug’ullanishsa, uni shunchalik ko’proq eslab qolishadi.

Nega aynan avtobiografik xotira?

Agar go’daklar ilk davrlardanoq xotiraga ega bo’lishsa, odamlar nega o’sha vaqtlarni eslay olishmaydi? Odamlar nega bolalar amneziyasini boshdan kechirishi: bolalarning asab tizimida avtobiografik xotira hali rivojlanmagani uchunmi yoki bu voqealarni biz shunchaki eslay olmaganimiz uchunmi — bu hali ham noma’lumligicha qolmoqda. Ammo tadqiqotchilarda ba’zi taxminlar ham yo’q emas.

Unutilmas voqeani eslab qolishi uchun, bolakay qanchadan-qancha rivojlanish bosqichidan o’tishi kerak.

Kishida avtobiografik xotira mavjud bo’lishi uchun, u avvalo o’zini tanishi, ya’ni o’zini anglay olishi kerakligi o’sha taxminlardan biridir. Tarixda olimlar odamning bunday qobiliyatini sinovdan o’tkazish uchun mirror recognition task(ko’zgudagi aksni tanish testi) deb ataladigan topshiriq usulidan foydalanishgan. Unda bolaning burniga qizil labbo’yog’i yoki upa surib qo’yiladi. Ilk bor 1970-yilda o’tkazilgan ushbu sinovning “rouge” — qirmizi upa deb atalashiga sabab ham aynan shunda.

So’ngra tadqiqotchilar bolani ko’zgu qarshisiga olib kelishadi. 18 oylikdan kichik bo’lgan bolalar ko’zgu qarshisida na o’zining aksini va na yuzidagi qizil bo’yoqni tanimay, shunchaki jilmayib qarab turishadi. 18 va 24 oylikdan oshgan bolalar esa qo’lini bo’yoq surtilgan yuz qismiga olib boradi va hatto bundan uyalishadi, ya’ni ular o’zini alohida shaxs sifatida anglay olishadi.

Bolalar amneziyasining boshqa bir sababi, yosh bolalarning gapira olmasligi va xotiralarni so’z bilan ifodalay olmasligida deyish mumkin, chunki ular voqealarni so’zlar bilan bog’lay olmaydilar.

Yana bir sabab, yosh bolalarda miyaning xotira uchun zarur qismi – gippokampusning rivojlanishi nihoyasiga yetmaganligidadir.

--

--