Nega firibgarlar tuzog’iga tushib qolamiz?

Aziza Pulatova
2 min readJan 31, 2022
Shaxsiy parolni faqat firibgarlar so’raydi. Shutterstock

Firibgarlik katta biznesga aylangan. Bir millionlik lotoreya yutug’i haqidagi xabarnomalar-u, o’zini bank xodimi deb tanishtirayotgan insonlarning qo’ng’iroqlari: bunday yolg’on xabarlar juda ko’p uchraydi.

Firibgarlikdan jabr ko’rganlar tiklanmas katta moliyaviy yo’qotishlar bilan birga ruhiy talofatlarni ham boshdan kechirishadi.

Ko’pchilik sodir etilgan jinoyat haqida so’z ochmasligi tufayli firibgarlikdan jabrlanganlar sonini aniq raqamlarda ifodalab berish mushkul.

Axborot texnologiyalari yuksalgani sari internetda firibgarlikning yangidan-yangi turlari qayd etilmoqda. Hozirgi kunda ma’lum kompaniya brendiga tegishli butun boshli feyk veb-saytlarni yaratish mumkin. Hattoki, raqamlar va elektron pochta manzillarini sohtalashtirish mumkin. Maqsad esa sizni havolaga o’tishga, chek yozib berishga, shaxsiy ma’lumotlaringizni kiritishga yoki biror faylni ko’chirib olishga ishontirishdan iborat bo’lishi mumkin. Ammo, bu kabi aldovlarning bari odamlarni “chuv” tushirishda bir xil ta’sir usulidan foydalanadi.

Firibgarlarning mug’ombir usullari

Boshlanishiga vakolatli shaxslarning nomidan ish yuritish muhim. Elektron pochta yoki telefon orqali murojaat qilayotgan shaxs o’zini IT sohasining mutaxassisi, militsiya xodimi, bank yoki davlat xodimi sifatida tanishtirishi mumkin. Bunday usullarning ish berishiga sabab insonlar vakolatli shaxslarning so’rov va iltimoslariga rad javobini bera olmasliklarida.

Bundan tashqari, firibgarlar oddiy ijtimoiy norma va qoidalarni ham ishga solishadi. Inson tabiatida tekin sovg’a yoki biror iltimos evaziga o’zidan biror narsa qaytarishga yoki yordamga muhtoj kishiga yordam qo’lini cho’zishga oshiqish xislati bor, shuning uchun biz kimningdir iltimosiga “yo’q" deyishga qiynalamiz.

Sohta xayriya tashkilotlari uchun tashkil etilgan jamg’armalar, chorasiz qolganlarning tibbiy yoki yo’l xarajatlariga yordamlashishni niqob qilgan tovlamachiliklar — onlayn firibgarlikning keng tarqalgan turlaridan hisoblanadi.

Firibgarlarning tuzog’iga bilib-bilmay tushib qolamiz. Shutterstock

Firibgarlar sizning halovatningizni ham o’g’irlashga harakat qilishadi. Pul yutib olgandagi qattiq hayajon yoki sizning bank hisob raqamingiz orqali amalga oshirilgan tovlamachilik haqida eshitganingizdagi qo’rquv, vahima va xavfsirashni ko’z oldingizga keltiring.

Firibgarlar bunday ta’sir usullari orqali kishi qabul qilayotgan qarorga o’z ta’sirini o’tkaza oladilar. Oqibatda, ularning qarmog’iga ilingan inson o’ylamagan holda tezda qaror chiqarib qo’yadi.

Firibgarlarga aldanib qolishdan ogohlikka chaqirish ortgani sari, insonlardagi hushyorlik ham kuchayib bormoqda.

Firibgarlikdan jabrlanganlar bu haqda ochiq-oydin gapirishdan chekinmasagina, unga yakun yasash mumkin.

--

--