Ghosting nima? Erkak kishi nega unga qo’l uradi?

Aziza Pulatova
2 min readJan 7, 2024

--

Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish keng avj olib borayotgan davrda tilimizga yangidan-yangi so’z va iboralar ham qo’shilyapti. Oxirgi paytlarda ko’p tilga olinayotgan shunday so’zlardan biri — ghostingdir. Bir insonning hech qanday sababsiz ikkinchi inson bilan munosabatlarni uzib qo’yishi ghosting deb ataladi. Muloqot ikki inson o’rtasidagi munosabatlarning ko’prigidir. Shu sababdan, ghostingga yo’liqqan kishi umidsizlik va tushkunlikka tushishi ehtimoldan holi emas.

Ghosting o’zi nima?

Aytarli sababsiz munosabatlarga nuqta qo’yish yoki kutilmaganda o’rtadagi aloqalarni butunlay uzib qo’yishga ghosting deb ataladi. Ghost qilayotgan odam sherigi yoki do’sti bilan muloqot qilishdan uzil-kesil voz kechadi.

Ghost (o’qilishi gowst) ingliz tilida arvoh, ruh degan ma’noni anglatadi. Bu so’zning mazmuni Flirting (munosabatalarda suhbatdan buyog’iga o’tmaslik)ga o’xshab ketadi. Avval qurilgan har qanday turdagi aloqa yo’llari kesiladi. Qo’ng’iroqlarga, xabarlarga javob bermay qo’yadi. Bu tushuncha raqamli dunyoda ommalashib bormoqda.

Ghosting kishining o’ziga bo’lgan ishonchiga qattiq zarar yetkazadi. Unga yo’liqqan odam o’kinch va tushkunlik kabi salbiy kechinmalarga berilishi mumkin.

Munosabatlarda ghosting belgilari

Ish yoki o’qishga ko’milib yashaydigan insonlar ba’zida xabar va qo’ng’iroqlaringizga javob berishga har doim ham imkoniyat topa olmasliklari mumkin. Bu kabi vaziyatlar ko’pchiligimizga tanish va oddiy holday qaraladi. Ongli ravishda munosabatlarga yakun yasashga urinish, uzoq muddat va biror sababsiz xabar va qo’ng’iroqlarga javob bermaslik esa ghosting sifatida qabul qilinadi.

Uning yana bir belgisi, hissiy va jismoniy jihatdan uzoqlikdir. Insonlar ba’zan tanholikni afzal ko’rishadi. Buni ghosting bilan adashtirib yubormaslik kerak.

Erkaklar nega ghostingga qo’l uradi?

Tashlab ketilish yoki rad etilish deb tushuniladigan bu so’zning zamirida, aslida, kishining jiddiy munosabat qurishga bo’lgan zaifligi, o’ziga bo’lgan ishonch va real hayotga yuzlashish bilan bog’liq muammolari yotadi. Hissiy yaqinlik xoh ayol, xoh erkak — hammamizni qo’rquvga solishi mumkin. Munosabatlar jiddiylashuvidan qo’rquvga tushish kishilarni biror arzirli sababsiz unga yakun yasashga undashi mumkin. Bulardan tashqari…

  • O’ziga bo’lgan ishonchning pastligi
  • Hissiy intellekt zaifligi
  • Javobgarlikdan bo’yin tortish va bundan tushkunlikka tushish
  • Munosabatlarda o’z kelajagini ko’ra olmaslik kabi muammolar ghostingga yo’l ochishi mumkin.

Bir inson nom-nishonsiz birdan yo’q bo’lib qolish yaxshi ish emasligini bila turib, bu ishga qo’l urishi mumkin. Aksariyat hollarda, ghostingni erkaklar hissiy-emotsional muammolardan qochish chorasi sifatida qo’llaydilar. Real vaziyat bilan yuzlashish o’rniga munosabatlardan shunchaki voz kechib qo’ya qoladi.

Ghostingga uchraganda nima qilish kerak?

Ghosting hozirgi paytda har kimning boshiga tushishi va kishini qiyin ahvolga solib qo’yishi mumkin. Nima bo’lganda ham, odam o’z irodasini qo’lga olishi va vaziyatga tik boqishga majbur.

Bir kishi bilan internetda xabar almasha boshlaganingizdan so’ng, u inson bilan yuzma-yuz ko’rishib, muloqotni davom ettirish yoki to’xtatish borasida bir qarorga kelib olishingiz zarur.

Xatti-harakatalarimiz va fikrlarimizda ochiqlik va shaffoflik bo’lishi kerak.

Hissiyotlaringizdan qochishga urinmang.

Ma’lum muddat o’zingizni yomon his qilishingiz mumkin. Bunday vaziyatda, o’zingiz yoqtirgan mashg’ulotlar bilan shug’ullaning. Yaqin insonlaringiz bilan vaqt o’tkazing, kayfiyatingiz ko’tariladigan joylarga sayohat qiling.

--

--