Bolalar bilan to’g’ri munosabat qurish

Dr. Sabiha Paktunaning shu nomli kitobidan

Aziza Pulatova
3 min readFeb 7, 2024

2 yoshli bolam mehmonda “odamdek” o’tirmaydi, 3 yoshli farzandim har bir gapimga “yo’q” deb qaysarlik qilgani qilgan, 4 yoshli bolam o’yinchoqlarini o’rtoqlariga bergisi kelmaydi, 5 ga kirgan farzandim o’rtog’ini boshqalardan qizg’anadi, degan shikoyatlar tez-tez qulog’imizga chalinib turadi. Aslida, bularning barchasi bolaning yoshiga uyg’un bo’lgan xulq-atvorlardir. Ehtimol, inson bolasi bo’lishning eng katta kamchiligi — kattalardan unchalik farqli bo’lmagan jismda dunyoga kelishimizdadir. Qurbaqa bolasidek itbaliq yoki kapalak qurti holida tug’ilganlarida edi, mitti murg’aklardan yosh chegarasidan tashqaridagi xulq-atvorlarni kutmagan bo’lar edik.

Dr. Sabiha Paktuna Keskin qalamiga mansub “Çocuklarla Doğru İletişim” kitobining maqsadi ham oila va bola o’rtasida mustahkam ko’prik qurishni, bolaning xulq-atvor tilini uning oilasiga tarjima qilib berishni, bolaning boshqalar tomonidan osonroq tushunilishiga hamda bola va ota-ona o’rtasidagi kelishmovchiliklarga barham berishga erishishni maqsad qilgan. Quyida kitobdan ba’zi matnlar tarjimasini o’qishingiz mumkin:

Farzandim gapimga quloq solmayapti…

Farzandingiz hissiyotlariga e’tiborli bo’ling. O’zingizni uning o’rniga qo’yib ko’ring. Ana shunda farzandingiz bilan hatto so’zlarsiz ham muloqot qila oladigan bo’lasiz. Uning ichki ruhiy holatini tushuna boshlaysiz. Ikkinchi bir insonni tushuna olish insonga baxt hissini beradi. Vaqti kelib, sizni o’zingizday tushuna oladigan insonni topish esa ikki karra baxt!

Gapirtirish san’ati…

Qarshimizdagi insonni gapirtirish ham o’zgacha bir qobiliyatdir, uni o’rgansa bo’ladi. Agar qarshingizdagi insonni gapirtirmoqchi bo’lsangiz, uni hadeb savolga tutmang. Misol uchun, “Nega suzish mashg’ulotlariga bormay qo’yding?” deb so’rash o’rniga, “Suzish mashg’ulotlariga bormayapsan,” deb so’z boshlang. Qisman yoki mujmal javobni olsangiz, xushmuomalalik bilan sukut saqlang. Shunchaki kuting. Javobi suhbatdoshini qoniqtirmaganini tushungan kishi odatda o’z gapini davom ettiradi.

Hissiyotlarni yuzaga chiqarish…

Har bir ota-ona qanday gapirishni va gapirtirishni o’rganishga majbur. O’rganishning o’zi yetmaydi, unga amal qilish ham kerak bo’ladi. Bolaning hissiyotlarini “gapirtirish” uchun;

  • U gapirayotganda gapini bo’lmang
  • Tanqid va nasihat qilmang
  • Uni ayblamang
  • Unga o’tmishni eslatmang
  • Unga buyruq bermang
  • Uni tinglang
  • Unga tanlov huquqini bering.

Bolada o’ziga bo’lgan ishonchning paydo bo’lishi…

Bola, unga g’amho’rlik qiladigan insonning har doim uning ehtiyojlarini qarshilash uchun yonidaligini va undan hech qachon ayrilmasligini his etib turishi kerak. Ular bir-biridan ayro bo’lmasliklari kerak. Erikson tomonidan ta’riflangan psixosotsial rivojlanishning ilk bosqichi hisoblangan o’ziga bo’lgan ishonch poydevori aynan shu shaklda quriladi. Shu yo’l bilan bolada o’z kelajagiga bo’lgan ishonch, o’ziga ishongani qadar o’zgalarga ham bo’lgan ishonch, baxtiyor va optimist inson hayotining tamali qo’yiladi. Bolalar bunday bosqichdan 1 yarim yoki 2 yosh oralig’ida o’tishadi. Agarda bu davrga yetarlicha ahamiyat qaratilmasa, bola o’ziga va o’z qobiliyatlariga ishonmaydigan, doimo shubha ostida yashaydigan, baxtsiz bir insonga aylanadi.

Bola 1 yarim yoshga to’lgunga qadar, uning har bir ehtiyoji qarshilanishiga muhtoj. 1 yarim yoki 2 yoshgacha bolaning har bir tilagini bajo keltirish uning tarbiyasini buzmaydi. Aksincha, go’dakning xohishlariga befarqlik uning ruhiy salomatligiga jiddiy ziyon yetkazadi. Bu davrdagi eng asosiy ehtiyojlaridan biri: bolaning och va suvsiz qolmasligi, tagi quruq bo’lishidir.

O’ziga bo’lgan hurmat…

Ota-onalar farzandining o’ziga nisbatan ishonchini oshirishni maqsad qilishadi. Kimlarning o’ziga bo’lgan ishonchi baland bo’ladi?

– Badavlat insonlarnikimi?

– Aqilli insonlarnikimi?

– Chiroyli insonlarnikimi?

– Bilimli insonlarnikimi?

Insonning boyligi, chiroyi va hatto zehni ham abadiy qolmaydi. Hamma narsaning oxiri bo’lganidek, bular ham tugaydi.

Insonning o’ziga bo’lgan ishonchi o’zi tushgan botqoqlikdan chiqa olganida orta boshlaydi.

--

--