Abraham Maslouning ehtiyojlar piramidasi

Aziza Pulatova
3 min readMar 26, 2021

--

Maslouning ehtiyojlar piramidasi

Inson xulq-atvoriga nima turtki bo’ladi? Maslouning ehtiyojlar piramidasi motivatsiya mavzusidagi eng mashxur nazariyalardan biri hisoblanadi. Gumanistik psixolog Abraham Maslouning fikricha, bizning xatti-harakatlarimiz ma’lum bir ehtiyojlarni qondirishga yo’nalgan.

Maslouning ehtiyojlar piramidasi

Maslou o’zining ehtiyojlar piramidasi nazariyasini ilk bor 1943-yilda chop etilgan “Shaxs motivatsiyasi nazariyasi” nomli maqolasida va undan keyin nashr etilgan Motivatsiya va Shaxsiyat asarida keltiradi. A. Maslou nazariyasi bo’yicha, inson, eng avvalo o’zining birlamchi ehtiyojlarini qondirish uchun harakat qiladi. Birinchi darajali ehtiyojlar qondirilsa, boshqa darajadagi ehtiyojlar ham asta-sekin ahamiyat kasb etib boradi.

Gumanistik yondashuv tarafdori bo’lgan Maslou hayotda o’z o’rnini topish istagi, ya’ni hayotda nimalarga erishishi mumkin bo’lsa, shularga erishishga bo’lgan xohish-istak insonda tabiatan mavjud ekanligiga ishonar edi. Birlamchi ehtiyojlar, ya’ni oziq-ovqatga, xavfsizlikka, mehr-muhabbat va boshqalar tomonidan tan olinishga bo’lgan ehtiyoj qondirilgach, boshqa zaruriyatlar kishilarni yuqori darajadagi ehtiyojlarga qarab harakat qilishga majbur qiladi.

Maslouning ehtiyojlar piramidasi 5 bosqichdan iborat.

Ehtiyojlarga birma-bir tavsif

Maslou ierarxiyasi ko’pincha piramida ko’rinishida tasvirlanadi. Piramidaning eng quyi qismi bazis ehtiyojlarni tashkil etsa, eng murakkab turdagi ehtiyojlar piramidaning yuqori qismida joylashgan.

Eng muhim fiziologik ehtiyojlar, ya’ni oziq-ovqatga, suvga, kiyim-kechakka, uy-joyga, uyquga bo’lgan ehtiyoj piramidaning quyi qismidan o’rin olgan.

Birlamchi ehtiyojlar qondirilgach, boshqa zaruriyatlar kishilarni yuqori darajadagi ehtiyojlarga, xususan xavsizlik va himoyaga bo’lgan ehtiyojga qarab harakat qilishga majbur qiladi.

Mehr-muhabbat, do’stlik va yaqinlikka bo’lgan ehtiyoj ham birlamchi bosqichdagi ehtiyojning yangi darajasidagi zaruriyatdir. Ular sotsial xarakterdagi ehtiyojlar sirasiga kiradi.

Ehtiyojlar piramidasining yuqoriroq bo’g’inida hurmatga bo’lgan ehtiyoj yotadi. Bu ehtiyojlar kishining boshqalar tomonidan tan olinishiga bo’lgan ehtiyoj, ya’ni mavqe, nufuz, shon-shuhrat, muvaffaqiyat demakdir.

Karl Rojers kabi Maslou ham insonning hayotda o’z o’rnini topishi masalasiga alohida urg’u bergan, bu jarayon o’z yashirin imkoniyatlari haqiqatga aylanishi uchun uning shaxs sifatida o’sishi va rivojlanishidan iborat.

Fiziologik ehtiyojlar

Eng muhim fiziologik ehtiyojlarga yashash uchun zarur bo’lgan narsalar kiradi. Bunday ehtiyojga quyidagi misollarni keltirish mumkin:

  • Oziq-ovqat
  • Suv
  • Nafas olish
  • Gomeostazis

Bazis ehtiyojlarga oziq-ovqat, havo va haroratdan tashqari uy-joy va kiyim-kechaklar ham kiradi.

Xavfsizlikka bo‘lgan ehtiyoj

Maslouning ehtiyojlar piramidasining ikkinchi bo’g’iniga ko’tarilib borishimiz bilan, u yangi darajadagi zaruriyatlar bilan murakkablashib boradi. Bu bosqichda xavfsizlikka, ya’ni tinchlik, tartib, himoyaga bo‘lgan ehtiyoj birlamchi ehtiyojga aylanadi.

Insonlar o’z hayotida tartib va nazorat bo’lishini xohlaydilar. Shu boisdan ushbu bo’g’inda xavfsizlik va himoyaga bo’lgan ehtiyoj xulq-atvorga nihoyatda chuqur ta’sir ko’rsatadi. Xavfsizlikka bo’lgan ehtiyojga quyidagilarni misol qilish mumkin:

  • Moliyaviy ta’minlanganlik
  • Tana salomatligi
  • Baxtsiz hodisa va shikastlanishdan himoyalanish

Ko’pincha fiziologik va xavfsizlikka bo‘lgan ehtiyoj birgalikda birlamchi bosqichdagi ehtiyojlar deb yuritiladi.

Sotsial ehtiyojlar

Biron ijtimoiy guruhda bo‘lish, boshqa kishilar bilan aloqaga kirishish ehtiyoji piramidaning uchinchi bo‘g‘iniga kiradi. Bu guruhdagi ehtiyojlarni sotsial ehtiyojlar deb ham yuritiladi. Ularning ayrimlari:

  • Do’stlik
  • Sevgi rishtalari
  • Oila
  • Sotsial guruhlar
  • Birodarchilik

Hurmatga bo’lgan ehtiyoj

Hurmat va e’zoz topishga bo‘lgan ehtiyoj ehtiyojlar piramidasining to‘rtinchi bo‘g‘inini tashkil etadi. Bu ehtiyojlar kishining boshqalar tomonidan tan olinishiga bo‘lgan ehtiyojidir.

Insonlar boshqalar tomonidan qadrlanishlari va dunyoga qandaydir hissa qo’shayotganliklarini his qilishlari kerak.

Hayotda o’z o’rnini topishga bo’lgan ehtiyoj

O’zligini isbotlash ehtiyoji Maslou piramidasining eng yuqori pog’onasidan joy olgan. Insonning o’z yashirin imkoniyatlarini haqiqatga aylantirish ehtiyojiga ishora qilib, Maslou shunday tushuntiradi “Inson nimaga erishishi mumkin bo’lsa, u shunga erishishi lozim,”

Hayotda o’z o’rnini topgan shaxs o’zligini anglagan, boshqalarning fikrlari bilan emas, balki shaxsiy rivojlanish va o’z imkoniyatlaridan to’laqonli foydalanish bilan band bo’ladi.

Maslou nazariyasiga bildirilgan tanqidlar

Ushbu nazariyani qo’llab-quvvatlovchi tadqiqotlar yetarli emasligiga qaramay, ehtiyojlar piramidasi psixologiyada keng o’rganiladi. 2011-yilda chop etilgan bir ilmiy ishda, Illinois universitetining tadqiqotchilari ehtiyojlar piramidasini sinovdan o’tkazishga kirishdi.

Ularning aniqlashlaricha, ehtiyojlar qondirilishi va baxt hissi darajasi bir-biri bilan uzviy aloqador ekanligiga qaramay, yer yuzidagi turli millat vakillari eng muhim ehtiyojlar qondirilmagan sharoitda ham, hayotda o’z o’rnini topish va sotsial ehtiyojlar muhim ekanligini ta’kidlashgan.

Bundan xulosa qilib shuni aytish mumkinki, ehtiyojlar shaxs xulqiga ta’sir ko’rsatuvchi kuchli motivatsiya bo’lishi mumkin, ammo bu ehtiyojlar shaxs hayotida, Maslou ta’riflaganidek, ierarxik ahamiyat kasb etmaydi.

--

--